Tarbiya asoslari va iymon3-5 yoshBEPULMuallif: Muslimaat.uz 6 daqiqa o‘qish
Tarbiyani o‘zimizdan boshlaylik
Tarbiya nima? «Tarbiya« so‘zi arabcha «roba« fe’lidan olingan bo‘lib, «o‘stirdi«, «ziyoda qildi«, «rahbarlik qildi« va «isloh qildi« kabi ma’nolarini anglatadi. Ko‘pincha «ta’lim« so‘zi bilan yonma-yon keladigan bu atama...
Tarbiya nima? «Tarbiya« so‘zi arabcha «roba« fe’lidan olingan bo‘lib, «o‘stirdi«, «ziyoda qildi«, «rahbarlik qildi« va «isloh qildi« kabi ma’nolarini anglatadi. Ko‘pincha «ta’lim« so‘zi bilan yonma-yon keladigan bu atama o‘zida insonning oilaviy, diniy, milliy, umuminsoniy qadriyatlarini mujassam etadi. Bu ikki tushunchani bir-birisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ilmli inson tarbiya ko‘rmagan bo‘lsa, uni komil inson deyish o‘rinsiz. Demak, barkamollik cho‘qqisi tomon yuksalish uchun bilimning o‘zi kifoya emas! Tarbiyaning hayotimizda qanchalik muhim ro‘l o‘ynashini biz u bo‘lmaganda nimalar bo‘lishini tasavvur qilish orqali yaxshiroq anglashimiz mumkin. Xo‘sh, u bo‘lmaganda nima bo‘lardi? Bir so‘z bilan aytganda, dunyo ostin-ustin bo‘lardi! Har yerda tartibsizlik hukm surarmidi?! Insonlar bir-biriga go‘zal muomalada bo‘lishni bilishmasmidi?! Tarbiya orqali inson, avvalo, o‘zining boshqa maxluqotlardan ajralib turishini anglaydi. Ota-onasi, qarindoshlari, ustozlari, qolaversa, atrof-muhit tomonidan ongiga singdirilgan qadriyatlar majmui uning yurish-turishi, muomalasi, axloqi o‘zini tutishida namoyon bo‘ladi. Mukammal din bo‘lmish Islomda ham tarbiyaga alohida urg‘u beriladi. Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislari orqali biz ummatlariga tarbiyaning muhim ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida ta’lim berganlar. Sa’d ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilininadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir ota o‘z farzandiga yaxshi odob o‘rgatishdan ortiq hadya qilolmaydi«, dedilar« (Termiziy rivoyati). Demak, otaning farzandiga qilgan hadyalari ichida eng yaxshisi unga bergan ta’lim-tarbiyasi ekan. Darhaqiqat, inson tug‘ilib, dunyoni anglashga, uni o‘rganishga kirishadi. Yoshlikdan unga o‘rgatilgan, ongiga singdirilgan bilimlar unga umrining oxirigacha hamroh bo‘ladi. Ota-ona va tarbiyachilar yoshligidanoq unga ilm, odob-axloq qoidalarini o‘rgatishni boshlashlari va albatta, unga ijobiy taraflama o‘rnak bo‘la olishlari zarur. Poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, «komillik« atalmish bino ham ko‘rkam va mukammal yaraladi. Ota-ona farzandining ikki dunyoda ham baxt-saodatga yetishishini istar ekan, unga diniy va dunyoviy ilmlarni berish bilan bir qatorda odob-axloq qoidalarini tarbiya orqali tarkib toptirishga intilmog‘i shart. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ko‘plab hadislardan farzand tarbiyasiga oid, xususan, ularning odobini go‘zal qilish, yolg‘on so‘zlamaslik, ularga ilm o‘rgatish, farzandlarni bir-biridan ajratmay, bir xil muomalada bo‘lish kabi saboqlarni olishimiz mumkin. «Tarbiya« so‘zini eshitganimizda, albatta, buyuk mutafakkir ajdodimiz Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoxud axloq« asari ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Abdulla Avloniy mazkur asarida pedagogika uchun juda zaruriy bilimlar haqida hikoya qiladi. «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir« degan so‘zlarining qanchalik to‘g‘riligiga hayotimiz davomida ko‘p bora guvoh bo‘lamiz. Tarbiya insoniyat uchun hayot-mamot masalasi ekan, xo‘sh, biz bu murakkab jarayonga qanchalik ahamiyat beryapmiz? Ayniqsa, hozirgi texnika va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda mazkur mas’uliyatli vazifamizga yetarlicha vaqt ajratyapmizmi? Zamonaviy maishiy texnikalar ko‘payib, ishimiz ancha yengillashib, vaqtimiz tejalayotgan bir paytda, biz undan farzand tarbiyasi uchun foydalanib qolish o‘rniga, uni televizor yoki telefon, kompyuterlar qarshisiga o‘tirg‘izib, o‘zimiz esa virtual olamga sho‘ng‘iyapmiz! Natijada ularni biz emas, «aqlli jihoz«lar tarbiya qilmoqda! «Eng yaxshi do‘st?« degan savolga avvalgidek «Kitob«, deb javob beradigan bolalar kamdan-kam topilsa kerak... Axborot oqimi shunchalar ko‘pki, kitob varaqlab o‘tirishga hojat qolmaganday, go‘yo. Baxtimizga internet nomli «do‘stimiz« omon bo‘lsin! Tarbiyalanuvchini tarbiyalash o‘rniga tarbiyachini o‘zining tarbiyasi oqsayotgan bo‘lsa, dodingizni kimga aytasiz?! Bir o‘ylab ko‘ring, internetga sarflagan pullarimizni o‘zimiz va farzandlarimiz uchun foydali kitoblarga, behuda ketkizgan soatu daqiqalarimizni jigarbandlarimizga ilm o‘rgatish uchun sarflaganimizda qanday natijalarga erishgan bo‘lardik-a?! Olim uchun ilm manbai, zolim uchun zulm manbai bo‘lgan bu texnikalardan faqatgina yaxshilik yo‘lida, nafli bilimlarni oshirish uchun foydalanish mumkin-ku! Xalq tilida «Dilbuzar« deb atalmish oynai jahonda kerakli ko‘rsatuvlarnigina ko‘rib, qimmatli vaqtimizni dilbandlarimizga ajratishimiz to‘g‘ri bo‘lmasmikin? O‘zi pult bilan boshqariladigan televizor o‘zimizni boshqarayotgani yolg‘onmi?! Hatto kundalik yumushlarimizni ham ko‘rsatuvlar dasturiga qarab rejalashtiradigan bo‘lib qoldik, toki biz sevgan ko‘rsatuv yoki film o‘tib ketmasin. Serialning eng qiziq joyiga kelganda televizorni o‘chirib qo‘ygan kichkintoyimizga baqiramiz. Bilmaymizki, u bu harakati bilan o‘ziga e’tibor kerakligini ko‘rsatyapti! Oynai jahon allaqachon «ikkinchi ona«ga ham aylanib ulgurgani rost. Ertalabdan to kechki uyquga qadar bolajonlarning kun tartibini belgilab, tishlarini yuvishlarini eslatib, allalab uxlatadi... Bir qarashda hammasi yaxshi, bola qiziqib ham kerakli vazifalarini qiladi. Ammo bu ishlarni bir burchakda turuvchi jihoz emas, ona o‘rgatishi kerak emasmi? Avvallari yosh bolalarga uyat so‘zdek eshitiladigan «sevaman« so‘zini bugun uch-to‘rt yoshli bolalar bemalol qo‘shiq qilib xirgoyi qilishyapti. Yuzni qizartiradigan seriallardagi uyat sahnalarni beshikdagi chaqalog‘u, bog‘cha, maktab o‘quvchilari ota-onalari bilan birgalikda tomosha qilishmoqda. Ko‘chalarda ko‘payib borayotgan, borgan sari insonlar ko‘ziga oddiy holdek ko‘rinayotgan behayolikning ildizi shu emasmi?! Ayniqsa, o‘smir yigit-qizlarimizning kiyinishi, gap-so‘zi, o‘zini tutishini ko‘rib, kino qahramonlariga taqlid qilayotganini payqash qiyin emas. Ko‘chadagi ayollar bilan g‘iybatlashib o‘tirganimizda «Qaysidir maktabda o‘qiydigan qiz homilador bo‘lib qolganmish«, degan sovuq xabarni eshitib, «Voy sho‘rim«, deyotganimizda o‘zimizning farzandimiz televizor yo telefonda behayo kinolaru kliplar ko‘rmayotganmikin?! O‘tgan-ketganni og‘zimizni to‘ldirib g‘iybat qilamiz, go‘yo o‘zimiz mukammaldek, farzandlarimiz tarbiyasi a’lodek... Uyda esa turmush o‘rtog‘imizga dugonamizning yangi ko‘ylagi, qimmatbaho taqinchog‘iyu, qo‘shnimiz yangi olgan mashinasini og‘zimizdan bol tomib maqtaymiz. Arzimas matohlarni deb yorimiz bilan janjallashayotganimizda ko‘zlari javdirab turgan murg‘ak bolaga yo e’tibor ham bermaymiz yo bor alamimizni undan olamiz. Kichkinagina buyumni sindirib qo‘ygani uning kattakon aybi! Shuning evaziga yegan kaltak zarbi, eshitgan qarg‘ishlari oqibatida singan ko‘ngli bilan esa hech kimni ishi yo‘q! «Bolaligim-poshsholigim« deb yashaydigan davri alamzadalik, dilxiraliklar va kaltaklar ostida o‘tadi... Bunday ko‘ngilsizliklarni oldini olish uchun nima qilish kerak? Farzandlarimizga chiroyli tarbiya berishimiz kerak. Ularga, ulardan avval, albatta, o‘zimizga tarbiya berishimiz kerak! Avvalo, o‘zimizda islomiy ilmlarni, milliy qadriyatlarimizni, odobni, vaqtni qadrlashni, xushmuomalalikni, sabrni, hurmatni, adolatni, tartibni mujassam qilolsak, oilada farzandlarimizga eng go‘zal o‘rnak bo‘lamiz. Shundagina tarbiya va odobini go‘zal qilishga erishamiz. Dunyoda o‘zining odobi, andishasi, xushmuomalasi bilan tanilgan o‘zbegimga munosib voris bo‘laylik! Islomning naqadar go‘zal din ekanligini biz musulmonlar o‘zimizni tutishimiz, chiroyli axloqimiz bilan namoyon etaylik! Tarbiyani o‘zimizdan boshlaylik! Zero, maktab oiladan boshlanadi...
Maqolani o‘qib bo‘ldingizmi?
Bilimingizni mustahkamlab, profilingiz uchun qo‘shimcha 5 XP to‘plang.
#shaxsiy ibrat#tarbiya asoslari#lisonul-hol#ota-onaning xulqi#islomda tarbiya
AMALIY TARBIYA MASHG‘ULOTI
Bu mavzuni chuqurroq o‘rganmoqchimisiz?
Nazariyani bilish yetarli emas. Farzandly interaktiv platformasida har kuni 5 daqiqa amaliy mashqlar va testlar orqali farzandingiz bilan til topishishni o‘rganing.