Tarbiya asoslari va iymon6-9 yoshBEPULMuallif: Muslimaat.uz 4 daqiqa o‘qish
Qiz farzandning hayotida otaning o‘rni
Qiz bolaning tarbiyasi bilan uning ota-onasi, buvi-bobolari, aka-ukalari, opalari, ammayu hola, tog‘ayu amakilari ishtirok etadilar va ular qiz bolani qanday tarbiyalash kerakligini yaxshi biladilar. Ammo bu qiz o‘spirin...
Qiz bolaning tarbiyasi bilan uning ota-onasi, buvi-bobolari, aka-ukalari, opalari, ammayu hola, tog‘ayu amakilari ishtirok etadilar va ular qiz bolani qanday tarbiyalash kerakligini yaxshi biladilar. Ammo bu qiz o‘spirinlik yoshiga yaqinlashganida, voyaga yetganida, turmushga chiqqanida uning hayotida katta-katta muammolar paydo bo‘lib, sanab o‘tilgan qarindosh-urug‘larning boshi gangib, nima qilishni bilmay qoladilar. Eng birinchi muammo – bu o‘spirin yoshida axloq-odobida paydo bo‘ladigan o‘zgarish. Aynan shu vaqtda otaonalar qizlarini «u o‘zgarib qoldi«, deya hali psixologga, hali buvilarinikiga tarbiyalash uchun yetaklab boradilar. Bu yoshda qiz bola o‘ziga haddan ziyod oro beradigan, kattalarning gapini pisand qilmaydigan, ko‘p yolg‘on gapiradigan bo‘lib qoladilar, o‘g‘il bolalar bilan gaplashishga moyil bo‘lib, «sevgi balosiga« uchraydilar. Ikkinchi muammo – qiz bola turmushga chiqqach, kuyov bilan kelisha olmasligi, uning hohish-istaklarini tushunmasligi, unga bo‘yin egmasligi yoki undan hazar qilib, alohida uxlashni talab qilish holatlarining yuzaga kelishi. Uchinchi muammo – yoshi ulg‘aya borgach, o‘z turmush o‘rtog‘idan ko‘ngli to‘lmasdan, undan ajrashib, o‘z baxtini izlashni istab qolish holatlari. Bizning xalqimizda «Bola boshidan«, degan naql bor. Hamma muammo aslida bolaning tug‘ilib, ota-onasini tanishidan, ovozlarga, gap-so‘zlarga ta’siri paydo bo‘lishidan boshlanadi. Ana shu vaqtdan boshlab otaning oilada, qiz bolaning tarbiyasida eng katta o‘rin egallashi namoyon bo‘la boshlaydi. Afsuski, bizning jamiyatimizda qiz bolaning tarbiyasi aksariyat hollarda onalarning zimmasiga tushadi. Go‘yo qizni ona, o‘g‘ilni ota tarbiyalashi kerakdek. Ammo bu noto‘g‘ri fikrdir. Qiz bolaning kelajakda o‘z turmush o‘rtog‘iga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishi uchun javobgar shaxs – bu qizning otasidir. Chunki ota qizining hayotidagi ibrat ko‘rsatuvchi haqiqiy posbon, suyanchiq, suyukli, mehribon, javobgar, sovuqissig‘idan xabar oluvchi, ta’minlovchi eng birinchi haqiqiy erkakdir. Bunday muomalani ko‘rib o‘sgan qiz kelajagidan qo‘rqmaydi. Chunki uning uchun butun dunyo unga mehribonchilik ko‘rsatadi. Xuddi shunday, qiz farzand ota uchun go‘yoki quyosh, malika, g‘ururi-iftixori va dunyodagi eng go‘zal va eng aqlli insondir. Suyukli ota bag‘rida o‘sib voyaga yetgan qiz o‘ziga ishongan, o‘ziga yuqori baho beradigan (chunki ota o‘z mehri bilan buni isbotlagan bo‘ladi), ko‘p ishlar qo‘lidan kelishiga ishonadigan, kelajakda turmush o‘rtog‘ining ham suyukli ayoli bo‘lishiga ko‘zi yetadigan bo‘ladi. Aynan mana shu ishonchlar bu qizning turmush o‘rtog‘ini va o‘zini baxtli qilishiga zamin yaratadi. Bu yerda shuni ta’kidlash lozimki, otaning o‘z turmush o‘rtog‘iga qilgan muomalasi kelajakda qizining o‘z turmush o‘rtog‘idan kutadigan muomalasi kabi bo‘ladi. Ya’ni shunga loyiq qiz bo‘lib shakllanadi. Misol uchun oilada otasi onasiga qo‘pol muomala qiladi, deylik. Ba’zan qo‘l ham ko‘taradi. Onaning ota oldida hurmati yo‘q. Bu munosabatni ko‘rib voyaga yetgan qiz, turmushga chiqqach, o‘z turmush o‘rtog‘idan xuddi shu muomalani topadi va shunga loyiq ayol bo‘ladi. Chunki oilada ko‘rgan vaziyatlardan so‘ng bu qizning ongida hamma erkaklar o‘z ayollariga xuddi shunday muomala qiladi, degan dastur bitilib qoladi. Hamda bu qiz onasi uchun dili og‘rigani sababli o‘z otasiga nisbatan katta adovatni butun umr qalbida saqlab yuradi. Bu esa qalbga katta zarba beruvchi omil bo‘lib, uning farzandlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ya’ni uning farzandlari ham o‘z otalariga nisbatan adovatli his-tuyg‘uda bo‘ladilar. Agar qiz bola bolaligidan ota mehriga zor bo‘lib o‘ssa, u o‘ziga ishonchsiz, ruhan zaif, so‘lg‘in, mahdud yoki aksincha, agressiv, manman, erkaklardan ustun kelishga harakat qiladigan, erkaklarni hurmat qilmaydigan bo‘lib voyaga yetadi. Bu kabi qizlar faqat o‘ziga ishonishga, har qanday narsaga o‘z kuchiga, og‘ir mehnatiga suyanib erishishga harakat qiladilar. Chunki ular birovdan yordam so‘rashni bilmaydilar, shu bilan birga o‘zlarining ojiza ekanliklarini tan olmaydilar. Shaxsiy hayotlari ko‘pincha ayanchli o‘tishi, baxtga erishsalar ham, juda katta yo‘qotishlar va ko‘p tajribalar tufayligina erishishlari mumkin. Chunki qalban ular erkak kishining (qaysi niyatda ekanining farqiga bora olmagani sababli) bir og‘iz shirin gapiga uchib, ishonib, uni «haqiqiy shahzoda« deb qabul qiladilar, bu dunyoda uningdek boshqa erkak yo‘q, deb qabul qiladilar. Yoki undan ham ayanchlirog‘i, «o‘z otamdan falon, falon tomoni bilan farq qiladi, otam onamni ezganidek, bu meni ezmaydi, zulm qilmaydi«, deb adashadilar. Hatto ko‘pincha yaxshi insonga turmushga chiqsalar ham, o‘z turmush o‘rtog‘idan xuddi otasi onasiga qilgan muomalani topadigan xatti-harakatni qiladilar. Aksariyat hollarda esa ota onaga zulm qilganini va qiz farzandiga bee’tibor bo‘lganini ko‘rgan qiz turmush qurishni hohlamaydi, «o‘ziga xon, o‘ziga bek« bo‘lib, yolg‘iz yashashni istaydi va «karera qilishni« istab qoladi. Shuning uchun otalar o‘z ayollariga nisbatan mehr-muhabbatli, e’tiborli, hurmat-ehtiromli ekanliklarini oilada farzandlarga bildirishlari o‘ta muhimdir. Ota bo‘lish – bu juda katta mas’uliyatdir. Bu mas’uliyatni his etish esa juda katta ne’mat va kelajak avlodlarga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omildir. Qiz farzandlariga mehribon bo‘lish, ularga sovg‘alar ulashish, shirin gaplarni aytish, erkalatish, uni hurmat qilish, uning yutuqlari bilan quvonish, uni ruhlantirish, maslahatlar berish, unga g‘amxo‘rlik qilish undan tug‘ilajak farzandlarning ilm-ma’rifatli, barkamol bo‘lib voyaga yetishlari, o‘ziga ishonadigan qadri baland, maqsad sari intiluvchan, hur inson bo‘lib yetishishlarida zarur omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun har bir ota o‘g‘il va qiz farzandlarini ajratmasligi, ijtimoiy hayotning go‘zal tarzda shakllanishi, jamiyatimiz ravnaqi uchun harakat qilishi esa, buning uchun esa o‘zining zimmasidagi ulkan mas’uliyatni to‘liq his etib yashashi kerak.
Maqolani o‘qib bo‘ldingizmi?
Bilimingizni mustahkamlab, profilingiz uchun qo‘shimcha 5 XP to‘plang.
#ota va qiz#qizlar tarbiyasi#otaning mehri#islomiy oila#shaxsiy ibrat
AMALIY TARBIYA MASHG‘ULOTI
Bu mavzuni chuqurroq o‘rganmoqchimisiz?
Nazariyani bilish yetarli emas. Farzandly interaktiv platformasida har kuni 5 daqiqa amaliy mashqlar va testlar orqali farzandingiz bilan til topishishni o‘rganing.