Tarbiya asoslari va iymon3-5 yoshBEPULMuallif: Oisha / Muslimaat.uz 4 daqiqa o‘qish
Bolaning jahli chiqqanda...
Bir bolakayning kichkina mashina o‘yinchog‘i bor ekan. Bola uni juda yaxshi ko‘rar ekan. Bir kuni shu mashinachasi sinib qolibdi. Bolakay maktabdan kelib qarasa, sinib qolgan o‘yinchog‘ini onasi axlat qutisiga tashlab yu...
Bir bolakayning kichkina mashina o‘yinchog‘i bor ekan. Bola uni juda yaxshi ko‘rar ekan. Bir kuni shu mashinachasi sinib qolibdi. Bolakay maktabdan kelib qarasa, sinib qolgan o‘yinchog‘ini onasi axlat qutisiga tashlab yuboribdi. Bola juda qattiq xafa bo‘lib, jahli chiqibdi. Jahldan o‘zini boshqara olmay, onasini mushtlab urib yuboribdi. Onasi nima bo‘layotganini tushuna olmay, o‘g‘lining bu ishidan qo‘rqib ketib, yig‘lab yuboribdi. Bola ham birdan o‘ziga kelib, qilgan ishidan afsuslanib, nima qilishini bilmay qolibdi. Yig‘lab, onasidan kechirim so‘rabdi. «Boshqa bunday qilmayman, kechiring«, debdi hiqillab. Onasi esa gap nimada ekanligini tushungan bo‘lsa ham, qattiq hafa bo‘lganidan bir qancha vaqtgacha o‘ziga kelolmabdi. Chunki o‘g‘lidan bunday ishni kutmagan edi. Keyin ona nega bunday bo‘ldi, nima qilish kerak, deb o‘ylanibdi. Qarindoshlari, dugonalariga aytib, maslahat so‘ragan ekan, ular: «Ona nima qilsa ham, farzand onasiga bunday muomala qilmasligi kerak. Qanday qilib ursa ham inadamay qarab turdingiz? O‘sha joyning o‘zida bolaning yaxshilab ta’zirini berib, jazolash kerak edi. Hali ham kech emas, yaxshilab urishib, jazosini bering«, deb maslahat berishibdi. Ona internet orqali Yevropada yashovchi bir psixologdan maslahat so‘ragan ekan, u: «O‘zingizning ham aybingizni tan olib, kechirim so‘rang. Bunday holda jahl chiqqanda kuch ishlatmay, boshqa yo‘llar bilan g‘azabni bosish kerakligini tushuntiring. Masalan: «Nega unday qildingiz?!« deb baqirishing mumkin, oyoqlaring bilan polni tapillatib tashlasang ham bo‘ladi, lekin kuch ishlatib, boshqaga zarar yetkazmaslik kerak«, deb tushuntiring. Ichida alami qolib ketmasligi muhim« kabi maslahatlar beribdi. Ona shu kuni tuni bilan o‘ylanibdi. Tanishlari bergan maslahatga amal qilsa, o‘g‘lining oldida o‘zining ham aybi bor – o‘g‘li bilan maslahatlashmasdan, o‘yinchog‘ini tashlab yuborgan. Psixolog aytganidek, alami, nafrati ichida qolib, keyinchalik ruhiyatida, munosabatida namoyon bo‘lishi mumkin. Agar bolasi har gal jahli chiqqanda o‘zini psixolog aytganidek tutsa, juda xunuk ko‘rinadi, yana jahlda o‘zini bunday tutish salomatlikka ham yomon ta’sir qiladi... Yurak, qon-tomir kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Shunda onaning yodiga «Ruhiy tarbiya« kitobidagi g‘azab haqidagi mavzu tushibdi. Kitobni olib, o‘qibdi va ertalab turib, farzandi bilan ham bu mavzuni muhokama etishga qaror qilibdi. Ertasiga ona bolasiga jahl chiqqan paytda o‘zini tutish bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni aytib beribdi: - Jahling chiqqanida imkoni bo‘lsa, o‘tirib olgin-da, qattiq xafa bo‘layotganingni ayt va orqasidan «A’uuzu billaahi minashshaytonir rojiym«, degin. Qaytaqayta aytsang ham mayli. Shunda ham bosilmasa, tahorat olishga kirishgin. Oli Imron surasining 134-oyatida kelgan «...g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir...« degan jumlalarni esla, yoddan takrorla. Hayotimizdagi har bir ish Allohning irodasisiz bo‘lmasligi haqida fikrla. Taskin topasan. Sendan so‘ramay, o‘yinchog‘ingni tashlab yuborganim uchun kechir. Bolajonim, ba’zan kattalar ham farzandlarini xafa qiladigan ishlarni qilib qo‘yishadi. Lekin bu ishni farzandlariga zarar yetmasligi uchun qilishadi. Singan o‘yinchog‘ingning qirralari sening biror joyingni shilib yuborishini xohlamagan edim... debdi. Bolakay onasini tushunib, mahkam quchoqlab olibdi va o‘zi ham qilgan ishidan qattiq afsusda ekanini aytibdi. Jahli chiqqanda amal qilishi lozim bo‘lgan tavsiyalarni yozib olib, dars stoli yoniga yopishtirib qo‘yibdi. Uyda, maktabda, qayerda bo‘lmasin, jahli chiqqanda tezda o‘tirib, «A’uuzu«ni aytadigan bo‘libdi. «G‘azabini yutadiganlar« oyati haqida o‘ylagani sari jahli ham deyarli chiqmaydigan bo‘libdi.
Maqolani o‘qib bo‘ldingizmi?
Bilimingizni mustahkamlab, profilingiz uchun qo‘shimcha 5 XP to‘plang.
#bolaning jahli#tantrum#ruhiy tarbiya#muslima va bola#mehr va kechirish
AMALIY TARBIYA MASHG‘ULOTI
Bu mavzuni chuqurroq o‘rganmoqchimisiz?
Nazariyani bilish yetarli emas. Farzandly interaktiv platformasida har kuni 5 daqiqa amaliy mashqlar va testlar orqali farzandingiz bilan til topishishni o‘rganing.